Loyihaga start berildi

Shaxzoda Xudoynazarova va uning jamoasi birgalikda “Eshitishida va so‘zlashuvida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun raqs harakatlarining tizimli innovatsion majmuasini yaratish” mavzusidagi innovatsion grant loyihasi doirasida rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirishni boshlashdi.

Loyiha haqida qisqacha:

Mamlakatimizda inson qadri tamoyili asosida jadal islohotlar olib borilib, ayniqsa, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun turli imtiyozlar, nafaqa puli, salomatlik darajasini ta’minlash kabi yengilliklar muntazam amalga oshirilib kelinmoqda. Insoniylik nuqtayi nazaridan ham ularning “doimiy kasalliklari” o‘zlarini jamiyat hayotidan yakkalanishga yoki umrining oltin davrlarini to‘rt devor ichida o‘tkazishiga sabab bo‘la olmaydi. Eshitishida va so‘zlashuvida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishida, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazishda, salomatlik darajasini mo‘tadil saqlab turishda san’at turlaridan, shu jumladan, xoreografiya san’atidan foydalanish juda samarali hisoblanadi.

Chunki xoreografik harakatlar: raqs, ritmika, musiqa va jismoniy mashqlarning bir paytda hamohang bajarilishi imkoniyati cheklangan shaxsning jismoniy, ruhiy-psixologik va aqliy rivojlanishi uchun qulay imkoniyat yaratib beradi, unda o‘ziga ishonch, qat’iyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Xoreografik harakatlar orqali eshitishida va so‘zlashuvida nuqsoni bo‘lgan shaxsda tibbiy-fiziologik o‘zgarishlar sodir bo‘ladi, unda san’at orqali olamni anglash ko‘nikmalari shakllanib, estetik didi oshadi, eng muhimi, o‘zini jamiyat uchun kerakli shaxs deb hisoblay boshlaydi.

 Har bir harakatni o‘rganish davomida uning ko‘p marotaba takrorlanib bajarilishi zaif eshituvchilar uchun jismoniy va ruhiy sog‘lomlashuv, maqsad sari odimlash, o‘z sabrini sayqallash kabi hislatlarning rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *